
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yil yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasini aks ettiruvchi ochiqlik indeksi natijalarini eʼlon qildi.
Baholash natijalariga koʻra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) 91,8 ball bilan reytingda yetakchilik qildi va eng ochiq tashkilot sifatida tan olindi. Undan keyingi oʻrinlarni Davlat soliq qoʻmitasi hamda «Oʻzavtosanoat» AJ egalladi.
Bu yilgi baholashda jami 98 ta davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyatlari faoliyati oʻrganildi. Indeks 8 ta indikator va 84 ta mezon asosida shakllantirildi.
Reyting natijalari quyidagicha:
- 50 ta tashkilot «yashil» toifaga kiritildi (yuqori ochiqlik darajasi), bu koʻrsatkich 2023-yildagi 31 ta tashkilotga nisbatan ancha yuqori;
- 35 ta tashkilot «sariq» toifaga kiritildi (oʻrtacha daraja), 2023-yilda bu raqam 43 tani tashkil etgan;
- 13 ta tashkilot esa «qizil» toifaga tushdi (past ochiqlik darajasi), bu oʻtgan yildagi 29 ta tashkilotga qaraganda ikki baravar kam.

Shuningdek, umumiy oʻrtacha indeks koʻrsatkichi 70 ballni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 8 ballga yuqori (2023-yilda 62 ball edi).
Maʼlumot uchun, ochiqlik indeksi president farmoni asosida joriy etilgan boʻlib, davlat tashkilotlarining ochiqlik va shaffoflik darajasini baholashda muhim vosita hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston eng qimmat xususiy bogʻchalar jahon reytingida 62-oʻrinni egallagani haqida xabar bergan edi.