O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
Bu maqolada nimalarni bilib olish mumkin:
- Tadbirkor ayollarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi
- Kreativ park rezidentlari ayrim soliqlarni 50 foiz stavkada toʻlaydi
- Svet va gaz narxi oshadi
- Kam taʼminlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi to‘lab beriladi
- Jismoniy shaxslarga chetdan tovar olib kirish tartibi o‘zgaradi
- «Hamroh tadbirkor» dasturi ishga tushadi
- Mahalla raislari oilaviy mediatsiya boʻyicha bepul oʻqitiladi
- Bank balansiga olingan mol-mulklarni sotish tartibi soddalashtirildi
- Muvofiqlik deklaratsiyasini shakllantirish va hisobga olish tartibi o‘zgaradi
- Konsertlarda fonogrammadan foydalanish cheklanadi
- Ko‘p kvartirali uy-joy qurmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar yer solig’idan ozod etiladi
- Biznesini yiriklashtirgan tadbirkorlarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi
Tadbirkor ayollarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

O‘zbekistonda tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tartibi joriy etiladi. Yangi dastur asosida ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan ayollar 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit olish mumkin bo‘ladi.
Kredit hisobidan sotib olinadigan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar, «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» tomonidan kafillik beriladi. Dastur 2025-yil 1-maydan ishga tushadi.
Kreativ park rezidentlari ayrim soliqlarni 50 foiz stavkada toʻlaydi

Kreativ industriya parklari rezidentlari Ijtimoiy va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 50 foiz kamaytirilgan stavkada toʻlaydi. Soliq imtiyozlari 2025-yilning 1-may sanasidan boshlab, 2031-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.
Svet va gaz narxi oshadi

2024-yil 16-apreldagi qarorga ko‘ra, narxlar oshirilishining ikkinchi bosqichi 1-aprelga rejalashtirilgandi. Shavkat Mirziyoyev hukumatga narxlar oshirilishini bir oyga kechiktirish topshirig‘ini berganidan so‘ng ushbu jarayon 1-maydan amalga oshirilishi belgilandi.
1-maydan narxlar quyidagicha o‘zgaradi:
Elektr energiyasi
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan tarzda elektr plitalar bilan jihozlangan koʻp qavatli uylardagi xonadonlar va yotoqxonalar uchun ijtimoiy me’yor doirasida, ya’ni oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi 300 soʻmdan yetkazib beriladi. Me’yordan oshganda tabaqalashgan tariflar oyiga 201 kVt/soatgacha 1000 kVt/soatgacha 500 soʻm, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 750 soʻm, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 875 soʻm, 10 000 kVt/soatdan keyin 1000 soʻmni tashkil etadi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun ijtimoiy me’yor doirasidagi (oyiga 200 kVt/soatgacha) tarif 600 soʻm boʻladi. Oyiga 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 1000 soʻm, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1500 soʻm, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1750 soʻm, 10 000 kVt/soatdan keyin 2000 soʻmni tashkil etadi.
Tabiiy gaz
Isitish mavsumida — noyabr – fevral oylarida aholi xonadonlari uchun ijtimoiy me’yor doirasida, ya’ni oyiga 500 kub metrgacha boʻlgan tabiiy gaz iste’moli uchun tarif 1 kubometr uchun 1000 soʻmni tashkil etadi. Oyiga 500 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1800 soʻm, 2500 kubometrdan 5000 kubometrgacha 2100 soʻm, 5000 kubometrdan 10 000 kubometrgacha 2500 soʻm, 10 ming kubometrdan keyin 3000 soʻmlik tarif amal qiladi.
Kam ta‘minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi to‘lab beriladi

2027-yil 1-aprelgacha ayrim toifadagi oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi uchun kompensatsiya beriladi. Bu toifadagi oilalarga quyidagilar kiradi:
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan;
- reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchilar;
- oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalar.
Kompensatsiya quyidagi shartlarda beriladi:
- elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha;
- boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq to‘lab beriladi.
Jismoniy shaxslarga chetdan tovar olib kirish tartibi o‘zgaradi

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlari qisqartiriladi.
Qarorga muvofiq, 1-maydan boshlab bojxona imtiyozlari quyidagicha belgilanadi:
- havo transporti orqali – $1000 (hozirda $2000);
- temir yo‘l va daryo transporti orqali – $500 ($1000);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – $300 (o‘zgarishsiz);
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalari – bir oyda $200 (avval bir chorakda $1000);
- xalqaro pochta jo‘natmalari – $100 (o‘zgarishsiz).
Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaro xorijda juda qisqa muddat – temir yo‘l yoki avtomobilda 2 kundan kam, havo transportida esa 3 kundan kam vaqt bo‘lgan bo‘lsa, u holda bojsiz olib kirish imtiyozlari qo‘llanilmaydi. Bu holatda tovarlar umumiy qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
«Hamroh tadbirkor» dasturi ishga tushadi

Prezident qarori bilan 1-maydan «Hamkor tadbirkor» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bu dastur o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Shuningdek, kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi Mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga yordamlashadi.
Mahalla raislari oilaviy mediatsiya boʻyicha bepul oʻqitiladi

1-maydan boshlab oilaviy mediatsiya boʻyicha fuqarolar yigʻini raislari institutda professional mediatorlikka bepul oʻqitiladi.
Bu haqda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining asosiy vazifalarida keltirib oʻtildi.
Bank balansiga olingan mol-mulklarni sotish tartibi soddalashtirildi

Qarzdorlik evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni realizatsiya qilish jarayoni jadallashtiriladi.
Unga ko‘ra, 1-maydan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklar hamda ularning investitsiya kompaniyalariga auksion o‘tkazmaydi. Qarzdorlikni so‘ndirish asosida qabul qilingan mol-mulklarni bozor narxida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish huquqi beriladi. Sotuv kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, tijorat banklari balansiga o‘tgan bino-inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida ularning investitsiya kompaniyalari orqali faoliyati to‘xtab qolgan ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish obyektlarini qayta tiklash va ularni tayyor biznes sifatida investorlarga sotish imkoniyati yaratiladi.
Muvofiqlik deklaratsiyasini shakllantirish va hisobga olish tartibi o‘zgaradi

1-maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.
Ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.
Konsertlarda fonogrammadan foydalanish cheklanadi

1-maydan davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich to‘xtatiladi.
Shuningdek, konsert-tomosha tadbirlari reklamalarida tegishlicha «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» deb aniq ko‘rsatilishi belgilandi.
Ko‘p kvartirali uy-joy qurmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar yer solig‘idan ozod etiladi

Prezident farmoni bilan, 1-maydan «Yangi O‘zbekiston» massivlarini barpo etish doirasida yangi tartib o‘rnatiladi. Unga ko‘ra:
- yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
- yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi. Shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi;
- auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Biznesini yiriklashtirgan tadbirkorlarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi

Prezident farmoni bilan, 1-maydan o‘z faoliyatini o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Amalda yirik, eksport qiluvchi va «AAA» toifadagi subyektlarga qaytariladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.