Tesla AQShda robotaksi xizmatini ishga tushirdi

Tesla AQShda sinov rejimidagi xodimlar uchun robotaksi xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda X’dagi Tesla AI akkauntida xabar berildi.
Tesla Ostin va San-Fransisko ko‘rfazi hududida robotaksini ishga tushirganini e’lon qildi. Ayni paytda avtonom taksini faqat korporatsiya xodimlari sinovdan o‘tkazishi mumkin. Sayohat vaqtida mashina rulida operator ham bo‘ladi.
Tesla postga xizmatni amalda ko‘rsatuvchi bir daqiqalik videoni ilova qilgan. endi mijozlar ilova orqali taksi chaqirishi va uning eshiklarini ochishi mumkin. Sayohat boshlanishidan oldin avtomobil displey orqali yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarlarini bog‘lashni taklif qiladi. Mijozlar sensorli ekran orqali marshrutini sozlashi va favqulodda to‘xtashini amalga oshirishi mumkin.
Robotaksi shu kungacha 24 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan 1,5 mingta sayohatni amalga oshirgan. Tesla ommaviy robotaksi ishga tushirish vaqtini oshkor qilmagan, biroq dastlabki ishga tushirish kompaniyaga ilova va masofadan boshqarish pultining ishlashini sinab ko‘rish imkonini berishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tesla kompaniyasi AQShda o‘zining elektr pikapi Cybertruck’ning yangi, eng arzon variantini sotuvga chiqarganini e’lon qilgani haqida yozgan edi.