Tur firmaga aldangan 600 nafarga yaqin Umra ziyoratchisi O‘zbekistonga qaytdi

Saudiya Arabistoniga noqonuniy turfirmalar orqali Umra safariga jo‘nab ketgan 580 nafar o‘zbekistonlik charter reyslar orqali ortga qaytarildi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, ziyoratchilar safar davomida og‘ir sharoitlarga duch kelgan. Tashkilotchilar o‘z majburiyatlarini bajarmagani oqibatida fuqarolar oziq-ovqat, boshpana va zarur yordamsiz qolgan.
Jabrlanuvchilarning aytishicha, bir necha kishi bitta xonaga joylashtirilgan, ellikboshi tayinlanmagan va va’da qilingan Madina safari tashkil etilmagan. Ba’zi holatlarda esa odamlar joy yo‘qligi sababli ko‘chada tunashga majbur bo‘lgan.
Davlat rahbari topshirig‘i asosida ziyoratchilar maxsus charter reyslar bilan O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning barchasiga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Panorama va Gulbakhor Airways Umra safarlarini tashkil etishda fuqarolarga 25 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani haqida yozgandi.