
Microsoft kompaniyasi past ish faoliyatiga ega xodimlarga yangi tanlovni taklif qila boshladi: ular endi ish faoliyatini yaxshilash rejasi (PIP) o‘rniga «ishdan ketish uchun to‘lov» variantini tanlashlari mumkin. Bu yondashuv Amazonning Pivot dasturiga o‘xshab, xodimlarga ketishdan oldin kompensatsiya olish yoki faoliyatini isloh qilish imkonini beradi.
Kompaniya menejerlariga yuborilgan ichki maktubda aytilishicha, xodimlar tanlov qilishlari uchun 5 kun vaqtga ega va agar PIPni tanlasalar, 16 haftalik maosh miqdoridagi kompensatsiya bekor qilinadi. «Aniq kutishlar va aniq vaqt jadvallari» asosida joriy etilgan yangi tizim xodimlar samaradorligiga nisbatan aniq va tezkor choralar ko‘rishga imkon beradi.
Bu model texnologiya sanoatida tobora kuchayib borayotgan qat’iylik, samaradorlik va xarajatlarni kamaytirish tendensiyasiga mos keladi. 2024-yilda Microsoft 2000 nafar xodimni ishdan bo‘shatdi va bu jarayon davomida menejment darajasidagi qisqartirishlar va kodlovchi xodimlar ulushini oshirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Microsoftning bu yangi qadamini ko‘pchilik kompaniyaning ichki samaradorlikni oshirishga bo‘lgan urinishlaridan biri sifatida baholamoqda. Kompaniya bu borada hozircha rasmiy izoh bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Microsoft yangi MAI nomli sun’iy intellektni ishlab chiqayotgani haqida xabar bergan edi.