«Barselona Real»ni mag‘lub etib, Ispaniya Kubogini qoʻlga kiritdi

27-aprel 2025 09:24 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Muxbir m.norqobilov@kursiv.media
«Barselona Real»ni mag‘lub etib, Ispaniya Kubogini qoʻlga kiritdi / Foto: FC «Barselona»

Ispaniya Kubogi finalida «Barselona» va «Real Madrid» oʻrtasida boʻlib oʻtgan qiziqarli bahsda kataloniyaliklar gʻalabaga erishdi.

Oʻyinning ilk daqiqalaridanoq Hansi Flik jamoasi tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. 28-daqiqada yosh iqtidor egasi Lamin Yamal oʻng qanotdan yorib kirib, aniq pas bilan Pedrini toʻp bilan taʼminladi. Pedri esa sovuqqonlik bilan Kurtua darvozasini ishgʻol qildi — 1:0.

Birinchi taym davomida «Barselona» ustunlikni saqlab qoldi, lekin darvozalarga boshqa gol urilmadi. Ikkinchi boʻlimda Karlo Anchelotti shogirdlari oʻyinga oʻzgarishlar kiritdi va buning natijasi koʻp kutdirmadi. 70-daqiqada Kilian Mbappe jarima zarbasidan chiroyli gol urib, hisobni tenglashtirdi. 77-daqiqada esa Arda Gyulerning burchak uzatmasidan soʻng Chuameni bosh bilan aniq zarba yoʻllab, «Real»ni oldinga olib chiqdi — 2:1.

Biroq 84-daqiqada Ferran Torres qarshi hujumda Kurtua darvozasini yana ishgʻol qildi va oʻyinni qoʻshimcha boʻlimlarga olib bordi.

Ekstra taymda ham kurash keskin tus oldi. 116-daqiqada Jyul Kunde tomonidan urilgan gol kataloniyaliklarga gʻalaba keltirdi.

Shu tariqa «Barselona» 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, 2024/25-yilgi mavsum Ispaniya Kubogini oʻz vitrinasiga qoʻshdi. Hansi Flik uchun bu «Barselona» bosh murabbiyi sifatidagi ilk katta sovrin boʻldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Barselona» «Atletiko«ni magʻlub etib, ikkinchi finalchiga aylangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek