Oʻzbekistondan xorijga koʻchib ketayotganlar soni 8,3 foizga kamaydi

2025-yilning birinchi choragida Oʻzbekistondan chet elga doimiy yashash uchun koʻchib ketayotganlar soni oʻtgan yilga nisbatan 8,3 foizga kamaydi. Bu haqda Milliy statistika agentligi maʼlum qildi.
Joriy yilning yanvar–mart oylarida mamlakatdan 2371 kishi xorijiy davlatlarga koʻchib ketgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning shu davrida bu koʻrsatkich 2 586 nafarni tashkil etgan edi.

Statistik maʼlumotlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistondan chet elga koʻchib ketish holatlari izchil kamayayotganini koʻrsatmoqda. Masalan, 2010-yilda qariyb 44,4 ming fuqaro xorijga koʻchgan boʻlsa, 2011-yilda bu raqam 50,8 ming nafarga yetgan. 2015-yilgacha har yili 30 mingdan ortiq kishi chet elga koʻchib ketgan. Keyingi yillarda esa pasayish tendensiyasi kuzatildi:
- 2016-yilda — 28 069 kishi,
- 2017-yilda — 20 772 kishi,
- 2018-yilda — 19 006 kishi,
- 2019-yilda — 13 229 kishi,
- 2020-yilda — 13 648 kishi.
2023-yilda 17 336 nafar, 2024-yilda esa 10 842 nafar oʻzbekistonlik doimiy yashash uchun xorijga koʻchib ketgan.
Umuman olganda, soʻnggi 15 yil ichida 405 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari xorijiy mamlakatlarga doimiy yashash uchun koʻchib ketgani qayd etilgan.
Avvalroq «Kursiv» 2024-yilda 2,2 ming nafar xorij fuqarosi Oʻzbekistonga doimiy yashash uchun koʻchib kelgani haqida xabar bergan edi.