
Italiya A Seriyasining 34-turida «Inter» va «Roma» jamoalari oʻzaro bahs olib bordi. «San Siro» stadionida kechgan oʻyinda mehmonlar 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalari teng kurashlar ostida oʻtdi. 22-daqiqada «Roma» hisobni ochdi. Mattias Sule mezbonlar jarima maydonida yuzaga kelgan chalkashlikdan unumli foydalanib, darvozani ishgʻol etdi. Ushbu golda asosiy tarkibda maydonga tushgan oʻzbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov ham faol ishtirok etdi va golli hujumni boshlashda muhim rol oʻynadi.
Shomurodov 58-daqiqada zaxiraga olindi. Oʻyin davomida har ikkala jamoa bir qancha xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq boshqa gollar kiritilmadi.
Mazkur gʻalaba ortidan «Roma» A Seriyada ketma-ket 17-oʻyindan beri magʻlub boʻlmayapti va 60 ochko jamgʻargan holda 5-oʻrinda bormoqda. «Inter» esa 71 ochko bilan 2-pogʻonani egallab turibdi va chempionlik uchun kurashni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov «Roma»ga gʻalaba keltirgan gol muallifi boʻlgani haqida xabar bergan edi.