Shavkat Mirziyoyev Eron portidagi portlash munosabati bilan taʼziya yoʻlladi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Bandar Abbos shahridagi Shahid-Rajaiy portida yuz bergan kuchli portlash oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyonga taʼziya maktubi yoʻlladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari oʻz maktubida vafot etganlarning oila aʼzolariga sabr-toqat va bardamlik, jarohat olganlarga esa tez fursatda shifo tilagan.
Eslatib oʻtamiz, 26-aprel kuni Shahid-Rajaiy portida raketa yonilgʻisi komponentlari saqlangan konteynerlar portlagan. Hodisa oqibatida 25 kishi halok boʻlgan, 1139 kishi turli darajada jarohat olgan, yana 6 kishi bedarak yoʻqolgan. Port joylashgan Hormozgan viloyatida uch kunlik motam eʼlon qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eronning janubidagi Shahid Rajaiy portida kuchli portlash sodir boʻlgani haqida xabar bergan edi.