
Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida hukumat qarori bilan yangi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur nizomda bo‘sh turgan obyektlarni aniqlash, xatlovdan o‘tkazish va ulardan foydalanish tartibi belgilangan. Bu jarayon davlat ko‘chmas mulk resurslaridan maksimal darajada samarali foydalanishni ta’minlashga yordam beradi. Xatlov yakunlangach aniqlangan obyektlar haqida ma’lumotlar rasmiy veb-saytda e’lon qilinadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi markaz va uning hududiy boshqarmalari bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini toifalarga ajratish va ularning foydalanish holatini muntazam ravishda nazorat qiladi. Obyektlar toifalarga ajratilganidan so‘ng ularni samarali foydalanish choralari ko‘riladi. Bular orasida rivojlantirish dasturlariga kiritish, ommaviy savdolar orqali sotish yoki davlat-xususiy sheriklik dasturiga kiritish kabi variantlar mavjud.
Markazning asosiy vazifasi bo‘sh turgan obyektlar haqida olingan ma’lumotlarni tez va shaffof tarzda e’lon qilishdir. Bu davlat ko‘chmas mulkidan foydalanishda yanada ochiq va samarali tizimni yaratishga yordam beradi. Shuningdek, bunday yondashuv, mulkni foydasiz holatda turgan vaqtni kamaytirish va uning samarali foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nomoddiy madaniy meros xizmatlari tartibi belgilangan edi.