
Hongqi Leapmotor kompaniyasining modulli arxitekturasidan foydalangan holda yangi avtomobillar ishlab chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Birinchi model 2026-yil ikkinchi yarmida ishlab chiqariladi va bu brendning yangi energiya vositalari (NEV) bozoridagi ulushini oshirishga xizmat qiladi. Kompaniya va Leapmotor o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yil mart oyida imzolangan strategik anglashuv memorandumiga asoslanadi. Yangi avtomobillar Leapmotor’ning LEAP 3.5 platformasiga quriladi, bu esa 800V tizim, Snapdragon 8650 chipi va ilg‘or issiqlik boshqaruv tizimini o‘z ichiga oladi.
Kompaniya bosh dizayneri Giles Teylor, avtomobillar tashqi ko‘rinishi va haydash tajribasida bu brendning uslubini saqlab qolishini ta’kidladi. Brend arzonroq model ishlab chiqarish orqali raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilmoqda, biroq yuqori darajali imijini saqlab qolish muammosi ham mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hongqi brendining yangi modellari qanday narxda sotilishi haqida xabar bergan edi.