Yangiliklar

Huawei yangi sun’iy intellekt chipini ishlab chiqdi

Nvidia’ga raqobatchi sifatida
Huawei yangi sun’iy intellekt chipini ishlab chiqdi / Foto: Qilai Shen / Bloomberg via Getty Images file

Xitoyning Huawei kompaniyasi o‘zining eng kuchli sun’iy intellekt chipi – Ascend 910Dni sinovdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Huawei ushbu chip bilan AQSH texnologiya giganti Nvidianing yuqori darajadagi mahsulotlarini, xususan, H100 chipini almashtirishni maqsad qilgan. U ayrim Xitoy texnologiya kompaniyalari bilan birgalikda yangi chipning texnik imkoniyatlarini tekshirib ko‘rmoqda. Kompaniya may oyi oxiriga borib dastlabki namunalarni olishni kutmoqda.

Ma’lumot uchun, Huawei va boshqa Xitoy kompaniyalari yillar davomida Nvidia bilan raqobatlashish uchun yuqori darajadagi chiplar ishlab chiqishga urindi. Shu bilan birga, AQSH hukumati Xitoyning harbiy va texnologik yuksalishini cheklash maqsadida Nvidia’ning ilg‘or chiplarini Xitoyga sotishni taqiqlagan edi. Masalan, H100 chipi 2022-yilda AQSH tomonidan Xitoyga yetkazib berishdan avval taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei kompaniyasi CloudMatrix 384 Supernode nomli yangi superkompyuterini e’lon qilgan edi.