
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoir Yoʻldoshevning ma’lum qilishicha, yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini hisoblash tartibi hali tasdiqlanmagan va 1-maydan kuchga kirmaydi.
«Jarima ballarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat belgilangan tartibda ishlab chiqilmoqda. Shu bois tegishli hujjat qabul qilingach jarima ballarining hisoblanish muddati va tartibi aniq belgilanadi», – deyiladi YHXX bayonotida.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda jarima ballari tizimi 1-maydan joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Rasmiy ma’lumotga koʻra, bu tizim faqat normativ-huquqiy asos yaratilgach va rasman qabul qilingach amaliyotga joriy etiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgarishi haqida xabar bergan edi.