
Andijonda Qirg‘izistonga yerosti tunnellari qurgan fuqarolarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati xabar bermoqda.
Xonobod shahrining Alisher Navoiy mahallasi hududini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanidagi Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi ikkita yerosti tunneli orqali biri qirg‘izistonlik bo‘lgan bir guruh fuqarolar O‘zbekistonga tilla, telefon, planshet va aksessuarlar olib o‘tgan.
Tergov jinoiy guruhga 1983-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi rahbarlik qilgani, ishtirokchilar o‘rtasida topshiriq tarqatganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi Qirg‘iziston fuqarosini Jinoyat kodeksining 182 va 223-moddalari bilan aybdor deb topib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Uch nafar O‘zbekiston fuqarosi Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud qarori bilan Xonobod shahri Alisher Navoiy mahallasidagi uy-joy va olib qo‘yilgan tovar hamda materiallar davlat foydasiga olib qo‘yilib, yerosti tunneli vayron qilingan.
1984-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi uyidan aniqlangan ikkinchi tunnel ham buzib tashlangan, uy va mol-mulki musodara qilingan. Jinoyatchi 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ukrainadagi frontda rus armiyasi tomonidan jang qilishga undagan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qilgani haqida yozgan edi.