Chevrolet Gentra va Cobalt yordamida qanday pul topish mumkin

29-aprel 2025 17:57 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir
Chevrolet Gentra
Gentra va Cobalt yordamida pul topish yo‘llari qanday / Foto: UzAuto Motors

O‘zbekistonda Chevrolet Gentra va Cobalt 2024-yilda eng sotilgan avtomobillar qatoridan joy oldi. Gentra’ning yangi versiyasidan o‘tgan yili 18,3 ming dona, Cobalt modelidan esa 127,2 ming dona sotildi. Ayni paytda Gentra ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan bo‘lsa-da, Cobalt ishlab chiqarilmoqda.

Kursiv Uzbekistan nashri mamlakat sharoitida Chevrolet’ning ushbu ikki modeli — Gentra va Cobalt yordamida qanday qilib daromad topish mumkinligini o‘rgandi va asosiy yo‘nalishlarni bitta maqolada jamladi.

Bu maqolada quyidagi yo‘llar bilan pul topishni bilib olasiz:

Yo‘lovchi tashish (taksi xizmati)

Kuryerlik xizmati

Avtomobil ijarasi

Haydovchilikka o‘rgatish (instruktor)

Reklama joylashtirish

Yo‘lovchi tashish (taksi xizmati)

Foto: UzAuto Motors

Yandex Go, Uklon, Mytaxi kabi taksi xizmatlariga ulanish orqali kuningizni o‘z vaqtingizga moslab ishlashingiz mumkin – bu sizga katta erkinlik beradi. Agar avtomobilingizga gaz o‘rnatilgan bo‘lsa, xarajatlar sezilarli darajada kamayadi. Daromad miqdoriga keladigan bo‘lsak xarajatlardan tashqari kuniga 300 – 400 ming so‘m atrofida pul topish mumkin.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan Yandex Go haydovchisi Sardor Do‘stmurodovning aytishicha, u Cobalt avtomashinasi bilan kuniga o‘rtacha 450 ming so‘m ishlab topadi.

«Yonilg‘i va boshqa xarajatlar, shuningdek, taksi kompaniyasiga to‘lanadigan foizdan tashqari 300 ming so‘mgacha sof foyda qoladi. Agar avtomobil yangi va tonirovka qilingan bo‘lsa, sof daromad bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin», – deydi u.

Kuryerlik xizmati

Mahsulotlar yoki kichik yuklarni yetkazib berish uchun kuryerlik xizmatlari yaxshi daromad manbaiga aylanishi mumkin. Ayniqsa, yengil yuklar uchun bu yo‘nalish juda qulay bo‘lib, onlayn do‘konlar, oziq-ovqat yetkazib beruvchilari va turli yetkazib berish xizmatlari bilan hamkorlik qilish imkoniyati mavjud.

Daromad hajmi asosan ishlash soatlari va buyurtmalar soniga bog‘liq bo‘ladi. Yetkazib berish xizmati orqali kunlik 300 ming so‘m atrofida daromad topish mumkin. Bu ko‘rsatkich ishlash vaqti, xizmat ko‘rsatilayotgan hudud hamda buyurtmalarning hajmiga qarab o‘zgaradi.

Bundan tashqari, agar avtomobil ustiga reling (bagaj qutisi) o‘rnatilgan bo‘lsa, yuk sig‘imi oshadi va bu esa qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.

Gentra
Foto: UzAuto Motors

Avtomobil ijarasi

Avtomobilni kunlik yoki haftalik asosda ijaraga berish imkoniyati mavjud. Do‘stlar, tanishlar yoki ijaraga olish saytlarida reklama qilish orqali mashinangizni osonlik bilan ijaraga berishingiz mumkin.

Kursiv Uzbekistan bog‘langan Car24 rent markazida Cobalt va Gentra’ning kunlik ijara narxi mos ravishda 400 ming va 450 mingni tashkil etadi. Lekin kunlik ijaraning faqatgina 60 foizi transport egasiga beriladi.

Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Cobalt avtomobilini ijaraga berish orqali o‘rtacha kunlik daromad 200 – 250 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Gentra avtomobili bilan esa bu ko‘rsatkich 290 ming so‘mdan 350 ming so‘mgacha yetadi. Shuningdek, daromad miqdori avtomobilning texnik holati va bozorga bo‘lgan talabga qarab o‘zgarishi mumkin. O‘z navbatida, boshqa ijaraga berish xizmatlarida ushbu tariflar farq qilishi ehtimoldan xoli emas.

Gentra
Foto: UzAuto Motors

Haydovchilikka o‘rgatish (instruktor)

YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, instruktorlik qilish uchun bir nechta talablar bor. Avvalo bu faoliyat qonuniy va texnik jihatdan xavfsizlikka e’tibor qaratilgan bo‘lishi lozim.

Ya’ni malakali haydovchi o‘z transport vositasida haydovchilikni o‘rgatishi uchun avtomaktablar bilan shartnoma imzolaydi. Ikki tomonlama kelishuvga erishilgandan so‘ng transport vositasi qayta jihozlanishi (Instruktor uchun qo‘shimcha tormoz, sajeni (debriyaj) va gaz pedallari o‘rnatilishi) kerak. Shuningdek, yon va orqa ko‘zgularni kuzatish imkonini beruvchi qo‘shimcha oynalar o‘rnatilishi muhim.

Bu yo‘l bilan oyiga 5,1 mln so‘mdan 7,1 mln so‘mgacha daromad topish mumkin. Avtomaktablar transport vositasi uchun ham qo‘shimcha pul to‘laydi.

 Gentra
Gentra va Cobalt yordamida pul topish yo‘llari qanday / Foto: UzAuto Motors

Reklama joylashtirish

Agar avtomobilingizga korxona, servis yoki brendlarning reklamalari joylashtirilsa, reklama beruvchilardan qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi.

Bu usul yuqori daromad keltirmasligi mumkin, biroq barqaror va passiv daromad manbai sifatida foydali sanaladi. The Boss Ads reklama agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xizmat orqali oyiga 1,2 milliondan 1,8 million so‘mgacha daromad olish mumkin. Biroq bu ko‘rsatkichlar reklama joylashtirilgan avtomobilning turi, harakatlanish hududi hamda tanlangan agentlikka qarab farq qilishi mumkin.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-mart oylarida ikkilamchi bozorda Gentra avtomobilining ko‘p foydalanilgani $300 ga ($13,5 mingdan $13,2 mingga), o‘rtacha foydalanilgani $200 ga ($14,5 mingdan $14,3 mingga), kam foydalanilgani $150 ga ($15 mingdan $14,85 mingga) arzonlagan. Chevrolet Cobalt’ning esa o’rtacha foydalanilgani $339 ga ($12,3 mingdan $12 mingga), ko‘p foydalanilgani $100 ga ($11,6 mingdan $11,5 mingga), kam foydalanilgani $70 ga ($12,75 mingdan $12,68 mingga) pasaygan.

Siz foydalanayotgan har qanday transport sizga foyda keltirishi muhim. Daromad olish yo‘llari haqida chuqur o‘ylash va uning qonuniyligini tekshirish shart.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Damas sotib olishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida yozgan edi.

Shuningdek