
Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi tomonidan Haj ziyoratini maxsus ruxsatsiz amalga oshirish yoki bu kabi qonunbuzarliklarga ko‘maklashgan shaxslarga nisbatan keskin choralar e’lon qilindi. Bu haqda Saudi Gazette nashri xabar berdi. Yangi tartiblar 29-apreldan boshlab amal qiladi.
Unga ko‘ra, Haj amallarini ruxsatnomasiz bajarishga uringan shaxslarga eng ko‘pi bilan 20 ming Saudiya riyali (taxminan $5300) miqdorida jarima qo‘llaniladi. Bu jazo Makkaga kirish yoki u yerda qolishga uringan barcha turdagi viza egalariga amal qiladi.
Shuningdek, ruxsatnomasiz Haj amallarini qilishni qo‘llab-quvvatlaganlar – viza, transport, boshpana bergan yoki yashirishga uringan shaxslarga esa 100 ming Saudiya riyaligacha jarima belgilanadi. Ushbu jarima har bir ishtirokchi uchun alohida qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, ruxsatnomasiz Makkaga noqonuniy yo‘l bilan kirganlar (yashovchilar yoki vizasi tugaganlar) mamlakatdan deportatsiya qilinadi va 10 yil muddatga Saudiya Arabistoniga kirish huquqidan mahrum etiladi.
Tegishli sud qarori asosida, vizaga ega shaxslarni Makkaga olib kirishda ishlatilgan transport vositalari (agar u qoidabuzarga tegishli bo‘lsa) musodara qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga elektron viza olish huquqidan mahrum boʻlgani haqida yozgandi.