
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi muhofaza hujjatlarini yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron shaklda avtomatik tarzda berish taklif etilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Palata intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Loyiha doirasida sanoat mulki obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Unga ko‘ra, elektron hisoblash mashinalari dasturlari va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tekshiruv muddati 10 kun etib belgilanmoqda.
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan o‘tkazish muddatini yetti oydan bir oyga qisqartiriladi. Shuningdek, intellektual mulk obyektini ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat bojini to‘lash uchun belgilangan uch oylik muddat o‘tkazib yuborilganda, uni qo‘shimcha to‘lov evaziga (patent bojining 50 foizi) olti oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi Class-food-sevis (Yoshlar qandolat fabrikasi) MCHJ tomonidan S&S’s belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bo‘yicha insofsiz raqobat holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.