Onlayn savdo O‘zbekiston chakana bozorining atigi 3 foizini tashkil etadi

eʼlon qilindi
Mamlakatda savdoning asosiy qismi an’anaviy bozorlarga to‘g‘ri keladi
Onlayn savdo O‘zbekiston chakana bozorining atigi 3 foizini tashkil etadi / Foto: Internet Concept

O‘zbekistonda elektron savdoning ulushi hanuzgacha past darajada – chakana savdoning atigi 3 foizini tashkil etadi. Bu haqda Markaziy Osiyo va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining iste’mol bozorlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda Infoline tahliliy agentligi ma’lumot berdi.

Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda onlayn savdo bozordan 20 foiz ulushni egallagan bo‘lsa, Belarusda bu ko‘rsatkich 14 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda esa savdoning asosiy qismi hanuzgacha an’anaviy bozorlar va savdo rastalariga to‘g‘ri keladi – 84%, zamonaviy savdo tarmoqlari esa 13%ni tashkil qiladi.

INFOLine mutaxassislarining baholashicha, mahalliy bozorda katta salohiyat mavjud. Aholi soni 37,5 million kishiga yetgan va o‘sishda davom etmoqda. Faqatgina 2024-yilda O‘zbekistonda 926 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan – bu o‘tgan yilga nisbatan 3,2% ko‘p. Bu esa ommaviy iste’mol mollariga, jumladan, raqamli kanallar orqali barqaror talabni shakllantirmoqda.

Shuningdek, 2024-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatdagi chakana savdo hajmi 31,1 milliard dollarni tashkil etgani ma’lum qilindi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va Belarusdan keyin YeOII va Markaziy Osiyo davlatlari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish milliy valyutada qariyb 10 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘chmas mulk bitimlari bir chorakda 68 mingtadan oshgani haqida yozgan edik.

Shuningdek