O‘zbekistonda kam uchraydigan kasalliklar markazi ochiladi

O‘zbekistonda rossiyalik mutaxassislar ko‘magida kam uchraydigan kasalliklarga chalinganlarga yordam ko‘rsatish markazi ochiladi. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov ma’lum qildi.
Moskva viloyati rahbariyati Krasnogorskda ana shunday tibbiyot muassasasini ochish tajribasi asosida Farg‘onada bolalar shifoxonasini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Vorobyovning qo‘shimcha qilishicha, Moskva viloyati O‘zbekistonga Rossiya farmatsevtika mahsulotlari eksportining 50 foizini tashkil qiladi.
Shuningdek, ushbu hududda o‘zbekistonlik investor podshipnik ishlab chiqaruvchi korxona ochadi.
«Biz O‘zbekiston sarmoyadorlari uchun ochiqmiz, bizda oltita erkin iqtisodiy zona (EIZ), 72 ta sanoat parki bor, yana 27 tasi yaratilish bosqichida», – deya ta’kidlagan viloyat gubernatori.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasi doirasida Chuvashiya Respublikasi Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.