
Rossiyadagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini rasmiylashtirishi lozim bo‘lgan muddat shu yilning 10-sentabrigacha uzaytirildi. Bu bo‘yicha Rossiya prezidenti farmoni e’lon qilindi.
Avvalroq Vladimir Putin tomonidan imzolangan qarorda mamlakatda yashayotgan xorijliklar 2025-yilning 30-apreligacha o‘z huquqiy holatini qonuniylashtirishi yoki Rossiyani tark etishi talab qilingandi.
Ushbu talab Rossiyada noqonuniy yashayotgan fuqarolarga tegishli bo‘lib, qator shartlarni bajargan shaxslar bundan mustasno. Bunga biometrik ma’lumotlarni topshirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, rus tilini bilish darajasini tasdiqlash, majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash kabi talablar kiradi.
Shuningdek, mehnat ruxsatnomasi, yashash guvohnomasi va boshqa ruxsatnomalarni berish rad etilishi uchun asoslar bo‘lmasa, ular mamlakatda qolishi mumkin.
Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolar legalizatsiyaga doir savollar bilan (95) 985 33 55, (95) 983 33 55, +7925045474 telefon raqamlarga va Telegram orqali @huquqiy_yordam_uzbot ga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Federal sud ijrochilari xizmati 2024-yilda 88 ming noqonuniy migrantni deportatsiya qilgani haqida yozgandi.