Sariosiyo aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng ilk texnik reysni qabul qildi

eʼlon qilindi
Bir oy ichida aeroport orqali muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Uzbekistan Airports

29-aprel kuni Surxondaryodagi Sariosiyo aeroporti rekonstruksiya ishlaridan so‘ng ilk bor Silk Avia aviakompaniyasiga tegishli ATR-72-600 samolyotini qabul qildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar qildi.

Aeroportning uchish-qo‘nish, yurish yo‘lagi va perron qismi to‘liq asfalt-beton bilan mustahkamlanib, kapital ta’mirdan chiqarildi. Uzunligi 1550 metr, eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi ikki qatlamda yangilandi. Shuningdek, ikki dona ATR-72-600 samolyoti uchun to‘xtash joylari ham tayyorlandi.

«Sariosiyo aeroporti aerodrom majmuasi uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatli faoliyati (1976 yildan), shuningdek, zarur darajadagi parvozlar xavfsizligini ta’minlash hamda ATR-72 rusumli va quyi toifadagi havo kemalarini qabul qilish va uchirish maqsadida kapital ta’mirlashni talab qilar edi. Bugun aeroportga texnik reys amalga oshirildi, bu aerodromning havo kemalarini qabul qilish va uchirishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatdi», – deyiladi xabarda.

Shuningdek, 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan yangi terminal qurilishi yakunlanmoqda. Rejaga ko‘ra, barcha infratuzilma ishlaridan so‘ng bir oy ichida aeroport orqali muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun, Sariosiyo so‘nggi yillarda faoliyati tiklangan beshinchi hududiy aeroport hisoblanadi. Bungacha Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shahrisabz aeroporti oʻz faoliyatini tiklagani haqida yozgandi.

Shuningdek