
Xitoyning mashhur onlayn savdo platformasi Temu Donald Tramp tomonidan Xitoy importlariga joriy etilgan 145 foiz bojlar sababli mahsulotlariga yuqori import to‘lovlarini qo‘shishni boshladi. Bu haqda CNBC axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, endilikda ayrim mahsulotlarning narxi ikki baravar oshib, arzonligi bilan mashhur bo‘lgan Temu xaridorlar e’tiborini yo‘qotmoqda.
Masalan, $18,47 turadigan yozgi ko‘ylakka $26,21 import to‘lovi qo‘shilib, umumiy narx $44,68 ni tashkil qilmoqda. Bu 140 foizdan ortiq qo‘shimcha xarajat degani. Temu ushbu to‘lovlar bojxona jarayonlarini qoplash uchun joriy etilganini bildirdi.
Tramp 2-maydan «de minimis» imtiyozini ham bekor qilishni rejalashtirmoqda, bu esa Temu va Shein kabi platformalarga katta zarba bo‘lishi mumkin. Narxlarning oshishi Temu’ni Amazon va Walmart kabi raqobatchilar bilan tenglashtiradi, biroq mahsulotlar yetkazilishi hali ham uzoq vaqt talab qilmoqda.
Xaridorlar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirar ekan, Temu AQShdagi reklama faoliyatini kamaytirdi va App Store’dagi reytingi keskin pasaydi.
Mahalliy omborlardan jo‘natiladigan mahsulotlarga import to‘lovi qo‘llanmayapti, shuning uchun Temu bunday tovarlarni faol targ‘ib qilmoqda. Bu orqali kompaniya xaridorlarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQShda daromad soligʻini qisqartirishga va’da bergan edi.