
Prezident qarori bilan Yangi O‘zbekiston universiteti faoliyatini takomillashtirish choralari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qaror asosida universitetda eng iqtidorli yoshlar va yuqori salohiyatli professor-o‘qituvchilar ilmiy maktablarini shakllantirish, tibbiyot sohasida xalqaro standartlarga mos ta’lim, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar uyg‘unligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Universitet huzurida Ilg‘or bilim va tajribalar transferi markazi tashkil etiladi. 2025/2026-o‘quv yilidan magistratura talabalariga ham davlat granti asosida o‘qish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 2027-yil 1-dekabrgacha xorijda ishlab chiqilgan texnika va asbob-uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Shuningdek, universitetda tibbiyot fakulteti tashkil etilib, Germaniya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun grantlar ajratiladi va ularga qatnashish tartibi soddalashtiriladi. Loyihalar uchun ajratiladigan mablag‘larning kamida 60 foizi asbob-uskunalar xaridiga yo‘naltiriladi. Katta miqdordagi ilmiy loyihalarda esa xorijiy grantlar jalb qilish va yetuk chet ellik olimlarni jalb etish majburiy bo‘ladi.
Mazkur chora-tadbirlar orqali Yangi O‘zbekiston universiteti xalqaro miqyosda raqobatbardosh oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markaziga aylantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida yozgan edik.