Yer hisobi va kadastr tizimiga 42 million gektar maydon ro‘yxatga olindi

Shavkat Mirziyoyev yer hisobi va kadastr tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda sohaga raqamlashtirish joriy etilib, 45 mln gektar yer maydonining 94 foizi – 42 mln gektari davlat ro‘yxatiga olindi.
UzKad – yagona axborot tizimi ishga tushirilishi natijasida 850 mingdan ortiq obyektlar ro‘yxatga olindi. 2024-yildan boshlab fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni hujjatlashtirish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilib, bu kadastr va real bozor narxlari orasidagi farqni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Yil yakuniga qadar 400 mingta uy yangi tizimga kiritilib, mulkni sotish, meros qoldirish yoki garovga qo‘yish jarayonlari yengillashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.