«Yil o‘qituvchisi» g‘oliblariga 525 million so‘m pul mukofoti beriladi

O‘qituvchilar o‘rtasida har ikki yilda bir marotaba «Yil o‘qituvchisi» va «Kasbiy mahorat yetakchisi» tanlovlari o‘tkaziladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari o‘rtasida «Yil o‘qituvchisi» va pedagogik mahorat markazlari direktorlari orasida «Kasbiy mahorat yetakchisi» tanlovi bo‘lib o‘tadi. Qaror bilan ushbu tanlovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomlar ham tasdiqlandi.
G‘olib bo‘lgan har bir nomzodga QR-kodli sertifikat va Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1400 baravariga (525 mln so‘m) teng pul mukofoti beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi o‘quv yilidan pedagogika yo‘nalishida sirtqi ta’limga qabul bo‘lmasligi haqida yozgandi.