Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet tashkil etilmoqda

Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko’ra, mazkur ta’lim maskani Urganch shahridagi Al-Xorazmiy shaharchasida barpo etilmoqda. prezident 2022-yil avgustida ushbu shaharchaga tamal toshini qo‘ygan edi.
Yangi universitetda matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari tashkil etiladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi, kredit-modul tizimi joriy qilinadi.
O‘quv jarayonlari «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasi asosida, BAA, Xitoy, Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi. Universitetda 4-6 ming talabaga ta’lim berish rejalashtirilgan. Qabul 2025-2026 o‘quv yilidan boshlanadi.
Shuningdek, shaharcha hududida Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham ochiladi. Unda 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi va ta’limning so‘nggi ikki yili muhandislik asoslariga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi O‘zbekiston universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etilishi haqida yozgan edik.