
Farg‘onaga Xitoyning Zong Tong va Asia Star ishlab chiqaruvchilariga tegishli 24 ta avtobus olib kelindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.
Ular ikki yo‘nalishda ishlaydi va kuniga o‘rtacha o‘n ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Avtobuslar konditsioner, isitish moslamalari, videokuzatuv tizimlari va GPS sensorlari bilan jihozlangan.
O‘tgan yili shaharga 48 ta avtobus olib kelingan va ular to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Hokimlik Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari uchun yangi harakat tarkibi sotib olinganini ma’lum qildi.
Yaqinda hokimlik delegatsiyasining Xitoyga xizmat safari yakunlangan bo‘lib, tashrif davomida viloyat hokimliklari Xitoyning yirik kompaniyalari bilan $19,5 mlnga 384 ta avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish bo‘yicha memorandum imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toshkent janubiy vokzalidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi aholi punktlariga kuniga 12 ta reys yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgan edi.