
General Motors (GM) kompaniyasi AQShda 877 mingga yaqin pikap va yirik yo‘ltanlamas avtomobillarni chaqirib olish kampaniyasini e’lon qildi. Bu haqda Tarantas news nashri xabar berdi.
Bunga sabab 6,2 litrli V8 rusumidagi dvigatellarda aniqlangan ishlab chiqarish nuqsonlari bo‘ldi. Bu nuqsonlar avtomobilning quvvat yo‘qotishiga hatto harakatlanayotgan paytda motorning to‘liq ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.
Chaqirib olinayotgan avtomobillar orasida kompaniyaning eng mashhur modellari Cadillac Escalade, Escalade ESV, Chevrolet Silverado 1500, Suburban, Tahoe, GMC Sierra 1500, Yukon va Yukon XL bor. Ularning barchasi 2021 – 2024-yillarda ishlab chiqarilgan. Bu mashinalar L87 belgili 6,2 litrli V8 dvigatellari bilan jihozlangan.
Amerika Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) tomonidan yil boshida boshlangan surishtiruv natijasida motorlardagi shikoyatlar ortgani aniqlangan. Bunga sabab – ishlab chiqarish bosqichida dvigatelning ichki qismlari, xususan, krank vali va shatunlarning shikastlanishi bo‘lmoqda. Bu esa jiddiy texnik nosozliklarga olib kelmoqda.
Kampaniya doirasida chaqirib olinayotgan avtomobillar to‘liq texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Muammo aniqlanmagan hollarda dvigatelga yuqori quyuqlikdagi 0W-40 motor moyi quyiladi, moy filtri va moy qopqog‘i almashtiriladi. Agar nosozlik aniqlansa, dvigatel kapital ta’mirlanadi yoki yangisiga almashtiriladi.
NHTSA surishtiruvi hali yakunlanmagan. GM esa hozirda muammo aniqlangan avtomobillarni sotishga taqiq joriy qilgan. Kompaniya avtomobil egalari bilan dilerlik markazlari orqali bog‘lanib, avtomobilni tekshirish choralarini ko‘rishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Sorento 2024-2025 avtomobillari yorug‘lik tizimidagi muammolar tufayli qaytarib olayotgani haqida yozgandi.