
Toshkentda o‘tayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasida elektromobillar uchun ultra tezkor zaryadlovchi stansiyalar, agrodronlar va elektr samolyot dronlar namoyish etildi. Tadbirda Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda. Kursiv Uzbekistan ushbu innovatsion yangiliklarni bir maqolada jamladi.
Maqolada quyidagilar haqida fikr yuritiladi
Elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektromobillar soni keskin ortib borayotgan bir paytda ularni qulay va tez zaryadlash masalasi dolzarb muammoga aylanmoqda. Shu bois Innoprom doirasida taqdim etilgan zamonaviy elektr zaryadlash stansiyalari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, bu sohadagi yangi texnologiyalar va ularni mamlakat infratuzilmasiga integratsiya qilish imkoniyati ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mutaxassislar va tadbirkorlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.


PSS elektr zaryadlash stansiyalari
Rossiyaning PSS korporatsiyasi qariyb 30 yildan buyon MDH va boshqa xorijiy mamlakatlarga elektr jihozlarini yetkazib kelmoqda. 2014-yildan boshlab esa kompaniya elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. «Yashil» texnologiyalar tarafdori bo‘lgan PSS Innoprom ko‘rgazmasida o‘zining bir qator yangiliklari bilan qatnashdi.
Innoprom doirasida PSS korporatsiyasi ikki yangi modelni namoyish etdi. Birinchi model — 150 – 240 kVt quvvatga ega ultra tez zaryadlovchi stansiya. U bir nechta transport vositasini bir vaqtda zaryadlash imkoniga ega. Stansiya avtomobilni bir necha o‘n daqiqada 80 foizgacha quvvatlaydi. Uchta mashinani dinamik muvozanat bilan parallel tarzda quvvatlashi mumkin. Avtorizatsiya va to‘lov mobil ilova orqali amalga oshiriladi. Monitoring tizimi orqali stansiyani masofadan boshqarish imkoni mavjud. 90 foiz xatolar masofadan bartaraf etilishi mumkin.
Ikkinchi model — 82–172 kVt quvvatga ega ko‘p standartli zaryadlovchi stansiya. U to‘g‘ridan to‘g‘ri tokda 30 daqiqada 80 foiz quvvat beradi. O‘zgaruvchan tokda bu jarayon 3-4 soat davom etadi. U bir vaqtda to‘rtta avtomobilni zaryadlash imkoniga ega. To‘lov va avtorizatsiya bu yerda ham mobil ilova orqali amalga oshadi. Masofaviy monitoring orqali tizimni boshqarish imkoniyati mavjud. Stansiya xatoliklarini texnik mutaxassissiz bartaraf etishi mumkin.

Bundan tashqari, yana Rewatt kompaniyasi ham aynan ushbu sohadagi ikki modelini taqdim qildi. Myun va Reon modellari ham ko‘rgazmaga tashrif buyurgan odamlar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.



Myun modeli – 22 kVtgacha bo‘lgan AC zaryadlovchi stansiya sifatida tanitildi. U bir nechta zaryadlash standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Type 1, Type 2, GB/T. Myun zanglamaydigan po‘lat korpus va IP54 himoya darajasiga ega. Ustun, devor yoki stendga o‘rnatilishi 30 daqiqa vaqt oladi. LED yoritkich va e-ink displey orqali holati ko‘rsatiladi. Qurilmada kuchlanish, ortiqcha tok va oqim nazorati mavjud. Masofadan boshqaruv, GPS va 4G texnologiyasi bilan jihozlangan.
Reon modeli esa 160 kVtgacha quvvatga ega DC zaryadlovchi stansiyadir. U elektromobilni yarim soatda 80 foizgacha zaryad qila oladi. CCS2, CHAdeMO va GB/T standartlari bilan moslashgan. Reon sensorli ekran va mobil ilova orqali boshqariladi. Zaryadlash xavfsizligi yuqori darajada ta’minlangan. U masofaviy monitoring, GPS va 4G tizimlarini qo‘llaydi. Rewatt bu texnologiyalarni O‘zbekiston bozoriga olib kirmoqda.
Agrodronlar
Qishloq xo‘jaligi sektorining raqamli texnologiyalarni joriy etishga qiziqishi yuqori. Agrodronlar yerlarni monitoring qilish, mahsulotni kuzatish va sug‘orish jarayonlarini optimallashtirish imkonini beradi. Ular samaradorlikni oshiradi va qishloq xo‘jaligida resurslardan tejashga yordam beradi. O‘zbekistonning keng hududlari va qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan talab agrodronlarga ehtiyojni kuchaytirmoqda.

»Transport budeshevo» kompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyada joylashgan va asosan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan agrodronlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Kompaniya o‘zining R&D markazini Belgorod viloyatida joylashtirgan bo‘lib, bu yerda yangi model va komponentlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, Tolyatti shahridagi maxsus iqtisodiy zonada joylashgan zavodda agrodronlar va ularning qismlari ommaviy ishlab chiqariladi.
Kompaniyaning mahsulotlari orasida «Gektor» agrodroni mavjud bo‘lib, u 40 litrli bakka ega va maydonlarni sug‘orish hamda fototasvirga olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, S-80 modeli 80 litrli bakka ega bo‘lib, soatiga 18 gektar maydonni qayta ishlash imkoniyatiga ega. Shuningdek, bu kompaniya oddiy dronlarni ham taqdim etdi.



Elektr samolyot dronlar
«Tixiye Kirilya» – uchuvchisiz aviatsiya tizimlari muhandislik markazi hisoblanadi.
Kompaniya uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini ishlab chiqish, yig‘ish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan. Faoliyati boshqaruv, navigatsiya va foydali yuklama tizimlarini yaratishni ham qamrab oladi. Tizimlar orqali olingan ma’lumotlar tahlili va qayta ishlanishi ham markaz faoliyatiga kiradi. Xizmatlar qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, qurilish va kartografiya yo‘nalishlariga qaratilgan. Shuningdek, kompaniya chiziqli obyektlar monitoringi va konlarni qidirish sohalarida ham ishlaydi.

Kompaniya o‘zining Legioner E29 modelini taqdim etdi. Kuzatuvchilar tomonidan boshqacha kutib olingan bu model haqiqatan mamlakat uchun zarur ekanini kompaniya o‘qitish markazi direktori Aleksey Grigoryov tasdiqladi.
«O‘zbekiston uchun ushbu sohada texnologik yangiliklarni olib kirish uchun muhtojlik bor. Chunki hozircha bunda raqobatchi, umuman olganda, soha vakillari mavjud emas. Biz nafaqat dronlar ishlab chiqaramiz, balki bularni boshqarish bo’yicha ham o‘quv dasturlarini olib boramiz», – deydi kompaniya o’qitish markazi direktori.
Legioner E29 droni vertikal parvoz va qo‘nish imkoniyatiga ega. U yuk tashish, aerofotosuratga olish, lazerli skanerlash, patrullik va muz razvedkasi kabi vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan. Dron elektr yoki benzinli dvigatel bilan jihozlanishi mumkin.
Aleksey Grigoryovning ta’kidlashicha, O’zbekiston bilan bu sohada qo‘shma ta’limni joriy etish uchun muzokaralar ketmoqda.
Aeroqayiq
Innoprom ko‘rgazmasida eng ko‘p qiziqish bildirilgan texnologiyalardan biri bu aeroqayiq bo‘ldi. Sever kompaniyasi $150 ming narx bilan Aero 650k modelini namoyish qildi.




Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida joylashgan «Sever» kompaniyasi premium toifadagi havo yurgichli qayiqlarni ishlab chiqaradi. 2014-yildan beri faoliyat yuritayotgan kompaniya 1500 dan ortiq qayiqlar ishlab chiqargan.
Sever 650K – 1500 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Qayiq 8 kishigacha yo‘lovchini sig‘dira oladi va uning umumiy o‘lchamlari 7,77 metr uzunlik, 2,85 metr kenglik va 2.60 metr balandlikni tashkil qiladi. Unda TOYOTA 3UZ-FE 4.3L dvigateli o‘rnatilgan bo‘lib, 320 ot kuchi bilan 100 – 120 km/soat tezlikda harakatlana oladi.
Yonilg‘i sarfi soatiga 35 – 70 litrni tashkil qiladi. Korpus yuqori bosimli poliuretan matodan tayyorlangan, karkasi esa to‘liq alyuminiydan. Salon ikki qavatli ovoz izolyatsiyasi, transformatsiyalanuvchi o‘rindiqlar, ikkita suyuqlikli isitgich, LED yoritqichlar va boshqa qulayliklar bilan jihozlangan. Bu qayiq murakkab iqlim va relyef sharoitlarida uzoq masofaga harakatlanish uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev «Innoprom. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasiga tashrif buyurgani haqida yozgan edi.