O‘zbekistonda kuryerlarga qariyb 9 mln so‘m maosh taklif qilinmoqda – HeadHunter

HeadHunter kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yilda ommabop kasb vakillarining o‘rtacha oylik maoshi 3 mln so‘mdan 7 mln so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Bu kompaniya haqda Kursiv nashriga xabar berdi.
Eng talabgir mutaxassislar qatoriga sotuvchilar-konsultantlar va kassirlar kirgan. Ularning o‘rtacha oyligi 4,7 mln so‘mni tashkil etdi, bu yo‘nalishdagi bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga oshgan.
Shuningdek, call-markaz operatorlari (4,8 mln so‘m) va savdo vakillari (7 mln so‘m) xodimlariga ham talab yuqori bo‘lgan.
Eng yuqori maosh kuryerlarga taklif qilinmoqda – 8,7 mln so‘m. Shuningdek, savdo vakillari va oshpazlar ham yuqori maosh oluvchilar qatoriga kirgan. Kuryerlar, omborchilar va farroshlar uchun talab tez sur’atlarda o‘smoqda.
Rezyumelar soni bo‘yicha esa call-markaz operatori, haydovchi va kassir-operator kasblari yetakchilik qilmoqda. Yuk tashuvchilar, qadoqlovchilar va kassirlar rezyumesi soni ham keskin oshgan.
HeadHunter mutaxassislari eng katta raqobat avtomobil yuvuvchilar o‘rtasida bo‘layotganini qayd etishdi. Bu kasbda bir ish o‘rniga 84 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, kassirlar va yuk tashuvchilar o‘rtasida ham raqobat kuchli.
Ishchi kuchi uchun e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlarining 92 foizidan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yetakchi hududlar ro‘yxatiga Samarqand va Farg‘ona viloyatlari ham kiritilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistondа bo‘sh ish o‘rinlari soni 27% ga oshgani haqida yozgandi.