O‘zbekistonda ta’lim sifatini mustaqil tashqi baholovchi tuzilma yaratilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev nodavlat ta’lim xizmatlarini takomillashtirish hamda oliy va kasbiy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta texnikum faoliyat boshladi. U yerda hozirda 500 mingga yaqin yoshlar tahsil olmoqda. Bu orqali oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga yetdi.
Biroq barcha nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim sifati bir xil emas. Shu sababli, taqdimotda ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonlari va ilmiy salohiyatni yaxshilash, mehnat bozori talablariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentga ikki bosqichli litsenziyalash, ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va har besh yilda kompleks baholash tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Shuningdek, ta’lim sifatini mustaqil tashqi baholovchi tuzilma yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi O‘zbekiston universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etilishi haqida yozgan edik.