
2025-yilning birinchi choragida havo transporti orqali 1,7 mln yo‘lovchi tashilgan. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,9 foizga yoki 240,9 mingga ko‘p. Shuningdek, aviatsiyada yuk tashish hajmi 13,9 tonnaga yetdi. Bu 2024-yilning yanvar – mart oylariga nisbatan 31,9 foizga oshgan.
Shu bilan birga, yanvar – mart oylarida temir yo‘l transportida 2,9 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 91,1 ming nafar yo‘lovchiga oshgan.
Shu davrda temir yo‘l orqali bir kunda o‘rtacha 31,9 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan. Bu ko‘rsatkich esa 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 ming nafarga ko‘paygan.
O‘tgan uch oyda respublika bo‘yicha umumiy foydalanishdagi magistral temir yo‘l transporti orqali 27 mln tonna asosiy turdagi yuklar tashilgan. Yuk tashish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 0,8 mln tonnaga yoki 3,0 foizga oshgani kuzatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Malayziya aviakompaniyasi oktabrdan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.