Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi $20 milliardga yetishi kutilmoqda

2025-yil 29–30-aprel kunlari O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Xitoyning Urumchi shahrida bo‘ldi. Bu haqda O‘zR hukumat portalida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, mazkur tashrif davomida bosh vazir Abdulla Aripov va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xitoy raisi Si Szinpin va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibiga yo‘llangan samimiy salom va ezgu tilaklar yetkazildi.
Tomonlar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishonchli strategik hamkorlik aloqalari izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladilar. Uchrashuvda savdo, sarmoya, texnologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Shuningdek, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi $13 mlrddan oshgani, kelgusida bu ko‘rsatkichni $20 mlrdga yetkazish imkoniyati mavjudligi aytib o‘tildi.

Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan turizm va ta’lim sohalaridagi loyihalarni kuchaytirish bo‘yicha fikr almashdilar. Tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va strategik munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining muhim obyektlari qurilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.