Yangiliklar

Franklin Templeton O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini boshqarishni boshladi

Fond 18 ta yirik davlat korxonasining 20 – 40 foizlik ulushlarini boshqaradi
Franklin Templeton
Franklin Templeton O‘zbekiston Milliy Investitsiya Fondini boshqarishni boshladi / Foto: ESG

Franklin Templeton kompaniyasining shuba korxonasi Franklin Templeton Asset Management Foreign Enterprise O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (UzNIF)ning ishonchli boshqaruvchisi sifatida faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan kompaniya Toshkentda ofis ochdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Fondning maqsadi – iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xalqaro investorlarni jalb etish va davlat ulushi mavjud korxonalarning samaradorligini oshirish. Fond 18 ta yirik davlat korxonasining 20 – 40 foizlik ulushlarini boshqaradi, boshlang‘ich aktivlari $1,68 mlrdni tashkil etadi.

«Fondni boshqarish biz uchun sharaf. Biz portfelni nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatini ham anglab boshqaramiz», – dedi Templeton Global Investments investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Manraj Sekhon.

Kompaniyaning Toshkentdagi ofisi investitsiya boshqaruvi, yuridik, muvofiqlik va boshqa sohalardagi mutaxassislar bilan ishlaydi. Mahalliy jamoa kompaniyaning 17 mamlakatdagi global tarmog‘iga integratsiya qilinadi.

Fond boshqaruvchisi lavozimiga Marius Dan tayinlandi.

«Biz O‘zbekiston rivojlanish tarixini dunyoga ko‘rsatish imkoniyatidan ilhomlanmoqdamiz», – dedi Marius Dan.

Bu kompaniya ilgari Ruminiyada Fondul Proprietatea fondini boshqargan, uning bozor kapitallashuvi $3 mlrddan oshgan. Fondning navbatdagi bosqichi – IPO’ga tayyorgarlik va xalqaro investorlarni jalb qilish bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mazkur kompaniya O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini boshqarishi haqida xabar bergan edi.