Yangiliklar

Mask AQShning o‘zbek paxtasiga sarflagan mablag‘idan hayratda

Foto: Depositphotos

Hukumat samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask O‘zbekiston paxta sanoati shaffofligini ta’minlash uchun ajratiladigan $250 mln miqdoridagi mablag‘ bekor qilingani haqidagi iboraga kulib yubordi.

«Ba’zi narsalar shu qadar kulgiliki, bunga ishonish qiyin! O‘zbekistondagi paxtakorlar?! Bu komediya spektaklidagi sahnaga o‘xshaydi», dedi Mask.

Bu AQSh Mehnat vaziri Lori Chaves-Deremerning hukumat samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni bekor qilish haqidagi hisoboti chog‘ida sodir bo‘lgan. Shuningdek, u Maskga qilgan ishi uchun minnatdorlik bildirgan.

President Trump Participates in a Cabinet Meeting, Apr. 30, 2025
Video: Oy uy You Tube kanali

Bu Vashingtonning O‘zbekiston paxta sanoatidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishni bekor qilishi birinchi marta emas. Shu yilning mart oyida AQSh Mehnat vazirligi $38 mlnlik tashabbusni bekor qildi. O‘zbekiston bu mablag‘ning bir qismini olishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Cotton Campaign koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga nisbatan o‘n yillik boykotiga chek qo‘ygan edi. Tashkilotga ko‘ra, respublikada tizimli majburiy mehnat joriy qilinmagan.

O‘sha yili Amerika rasmiylari o‘zbek paxtasi majburiy mehnatdan foydalanilgan deb hisoblamasligini ta’kidlagan edi. O‘zbekiston 2009-yildan 2022-yilning kuzigacha AQSh Mehnat vazirligining qora ro‘yxatida edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasi Grok chat-boti uchun iOS tizimida «Voice with Vision» – ya’ni tasvirni ovoz orqali tushuntirish funksiyasini ishga tushirgani haqida yozgan edi.