
1-may kuni Transport vaziri Ilhom Maxkamov O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchisi Al Sayyida Vafo Jabr Nasser Al Busaydiy xonim hamda «UzOman» investitsiya kompaniyasi bosh direktori Oman Bahrom bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanayotganini ta’kidlashdi. Xususan, elchi xonim ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimi ortayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muzokaralar chog‘ida «Oman Air» aviakompaniyasi orqali Maskat – Toshkent – Maskat yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, «UzOman» kompaniyasi Toshkent va boshqa hududlarda logistika markazlarini rivojlantirish orqali O‘zbekistonni yuk tashishda mintaqaviy tranzit markazga aylantirishni maqsad qilayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida avtomatik yuk saqlash javonlari ishga tushgan edi.