Avto

Metan gaz narxi nega qimmatladi

Narxlar o‘sishiga izoh berildi
Foto: Kosta / Pixabay

Toshkent yonilg‘i quyish shoxobchalarida metan narxi 1 kub metr uchun 5,2 mingga ko‘tarildi. Bu haqdagi ma’lumotni Energetika vazirligi matbuot xizmati «Kursiv»ga tasdiqladi.

1-maydan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga metan gazi yetkazib berish narxi 1,8 ming so‘mdan 2,5 ming so‘mga ko‘tarilgan.

«Natijada yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham chakana narxlar yuqorilamoqda – 4,1 ming so‘mdan 5,2 ming so‘mgacha. Bu taxminan 26,8 foizga o‘sganini bildiradi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik har qanday narx o‘zgarishi savollar tug‘dirishini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik energiya resurslarini qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish bilan shug‘ullanishini, narxlar esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tartibga solinishini qayd etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Neft-gaz sohasi yetakchilaridan biri bo‘lgan Saneg kompaniyasi yangi shuba korxonasi – Saneg JetWhitesni tashkil etgani haqida yozgan edi.