
Germaniyada qassoblar uchun oyiga 1750 yevro maoshli ish taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, agentlik va «The International Placement People GmbH & Co. KG» kompaniyasi 150 nafar malakali qassoblarni ishga jalb qiladi. Nomzodlar 18 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lishi, jismonan sog‘lom va kamida bir yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ular go‘shtni ajratish, sanitariya qoidalariga rioya qilish hamda tig‘li asboblar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim. Ish jadvali haftasiga 44 soat bo‘lib, maosh qo‘lga to‘liq tegadi.
Nomzodlardan nemis tilining «A2» darajasidagi xalqaro sertifikati, professional yoki oliy ma’lumot diplomi talab etiladi. Diplomi Anabin tizimida H+ maqomida bo‘lishi kerak. Ishga qabul qilinganlar Germaniyaga borgach aeroportdan yashash joyigacha transport bilan ta’minlanadi. Xarajatlar orasida aviachipta, viza, yashash va ovqatlanish nomzod hisobidan bo‘lsa-da, aviachipta, viza va til sertifikati xarajatlari keyinchalik Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi. Sinov muddati 3 oy etib belgilangan.
Ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun xorijga chiqish pasporti, diplom va til sertifikatini fayl shaklida topshirish lozim. Ro‘yxatdan o‘tish ushbu havola orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Germaniyada til o‘rganish va kasbiy ta’lim imkoniyati yaratilgani haqida yozgan edik.