TATU Urganch filiali UrDUga qo‘shiladi

Yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) Urganch filiali Urganch davlat universiteti (UrDU) tarkibiga qo‘shiladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, TATU Urganch filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘z o‘qishlarini UrDUning mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida davom ettiradi.
Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali tashkil etiladi. Yangi maktab Al-Xorazmiy majmuasi hududida joylashadi va 7 yillik STEM modeli asosida faoliyat yuritadi.
Ta’lim dasturi quyidagicha tuziladi:
- dastlabki 5 yil — fizika, matematika, informatika va ingliz tili bo‘yicha chuqurlashtirilgan ta’lim;
- keyingi 2 yil — muhandislikka yo‘naltirilgan tayyorgarlik.
Maktabga 4-sinfni tamomlagan, matematika va informatika fanlari bo‘yicha qobiliyatli o‘quvchilar tanlab olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet tashkil etilayotgani haqida yozgandi.