Urganch aeroporti modernizatsiyasi uchun $223 million yo‘naltiriladi

eʼlon qilindi
Xorazmda sayyohlar oqimi 5 millionga yetkaziladi
Urganch aeroporti
Urganch aeroporti modernizatsiyasi uchun $223 million yo‘naltiriladi / Foto: Uzbekistan Airports

Bugun, 1-may kuni Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch xalqaro aeroporti modernizatsiyasi loyihasiga $223 mln yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu aeroport hozirda soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Xizmat ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2024-yil 1-avgustda aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e’lon qilinib, sakkizta davlat qatnashgandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topilgani haqida xabar berilgandi.

Prezident ushbu loyiha jarayoniga to‘xtalib, kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Xorazmga tashrif
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, ushbu loyihaning umumiy qiymati $223 mlnni tashkil etadi. Bu mablag‘lar yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari quriladi. Shuningdek, «ICAO» talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Loyiha amalga oshirilishi 2025 – 2027-yillarga mo‘ljallangan. Aeroport modernizatsiyadan chiqqanidan so‘ng Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qiladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1,3 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Suhbat davomida yangi terminal loyihasi taqdimot qilindi. Uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Mirziyoyev viloyatdagi 2 mlndan ziyod aholining sharoitini yaxshilash va daromadini oshirish kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Shuningdek