
Amerikaning General Motors kompaniyasi yangi Chevrolet Bolt’ning 2026 yilgi modelini deyarli tayyorlagan. Talkwheels YouTube kanalida taqdim etilgan ushbu model kichik xetcbek ko‘rinishida bo‘lishi aytilmoqda.
Biroq uchinchi avlod Chevrolet Bolt faqat bitta model bilan cheklanmaydi. U bir nechta turdagi kuzovlarda, jumladan, krossover ko‘rinishida ham taqdim etiladi.
Yangi elektromobil AQShning Kanzas-Siti shahridagi zavodda ishlab chiqariladi. Korxona ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviylashtirgach jarayon boshlanadi.
Model litiy-temir-fosfat (LFP) akkumulyatori bilan jihozlanadi. Bu yechim avtomobilni arzonlashtirish va ishlab chiqarishni tezlashtirish imkonini beradi.
Avval GM ushbu modelni ishlab chiqishni to‘xtatishni rejalashtirgandi, ammo foydalanuvchilar orasida Bolt’ga bo‘lgan talab keskin oshgani sababli yangi model ishlab chiqarishga qaytildi.
Narxi $30 mingdan past bo‘lishi kutilayotgan ushbu modeldan tashqari, kelajakda yana ham arzonroq versiyasi taqdim etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan General Motors 900 mingga yaqin avtomobilini chaqirib olayotgani haqida yozgandi.