Italiyada Eron yadroviy muzokaralari qoldirildi

Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning to‘rtinchi raundi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ikki davlat vakillari 3-may kuni Italiyada Eron yadro dasturini muhokama qilishi kerak edi.
«AQShning yadroviy muzokaralar chog‘ida Eronga qarshi sanksiyalari tomonlarga yadroviy mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga yordam bermaydi”, – dedi Eron rasmiysi Reuters agentligiga.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi vositachi Ummon uchrashuvning keyinga surilishiga logistika muammolari sabab bo‘lganini aytgan. Eron rasmiylarining bildirishicha, Eron – Amerika muzokaralari Ummon Tashqi ishlar vazirligi talabi bilan qoldirildi.
Shu bilan birga, Reuters manbalaridan biri Vashington Rimda Eron vakillari bilan uchrashishni rejalashtirmaganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz sammitining noma’lum muddatga qoldirilgani haqida yozgan edi.