Urganchda Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazi ochildi

Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida yangi tashkil etilgan Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazini borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, markaz Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA tomonidan $9 mlnlik grant asosida barpo etilgan bo‘lib, zamonaviy jihozlar va simulatsion uskunalar bilan ta’minlangan.

Mazkur hududda avtomobilsozlik, payvandchilik, sartaroshlik, mehmonxona xizmati kabi 10 ta yo‘nalishda kasbiy ta’lim beriladi. Majmua yiliga 300 nafar tinglovchiga 6 oylik kurslar o‘tkazish imkoniga ega. Prezident o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi, yoshlar bilan suhbatlashdi va ularga kelajakda tadbirkor bo‘lishga intilishni tavsiya qildi.

Markazda elektromobillar xizmati bo‘yicha ham mutaxassislik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Koreyada o‘qituvchilar malaka oshirayotgani xalqaro hamkorlikning izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Prezident kasbiy tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi va Xorazmdagi safarini yakunlab, Toshkentga qaytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tuproqqal’adagi «Damas» zavodida milliy avtomobil yig‘ilishi haqida yozgan edik.