Xiaomi o‘zining birinchi ochiq til modeli MiMo’ni taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi o‘zining ilk ochiq kodli sun’iy intellekt modeli MiMo’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda Weixin nashri ma’lum qildi.
MiMo mantiqiy va matematik tahlil talab qiladigan vazifalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, 32 mlrd parametrga ega. Xiaomi ma’lumotlariga ko‘ra, model OpenAI o1-mini va Alibaba Qwen-32B-Preview kabi raqobatchilarni bir nechta asosiy benchmarklarda ortda qoldirdi.
MiMo AIME24-25 (matematik tahlil) va LiveCodeBench v5 (kod yaratish) testlarida yuqori natijalar ko‘rsatib, murakkab algebraik tenglamalarni yechish va kod optimallashtirishda samaradorlikni isbotladi. Xiaomi vakillari modelning ixchamligi uni chekka qurilmalar va past quvvatli serverlar uchun ham ideal yechimga aylantirishini ta’kidladi.
Model texnik hujjatlari va manba kodi GitHub hamda Hugging Face platformalarida ochiq nashr qilinadi. Bu MiMo’ni boshqa platformalarga oson integratsiya qilish va muayyan vazifalarga moslashtirish imkonini beradi. Xiaomi MiMo atrofida ekotizim yaratish, uni o‘z qurilmalarida qo‘llash va aqlli uylar, robototexnika, avtonom tizimlarda AI integratsiyasini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta yangi AI sun’iy intellekt ilovasini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.