Xiva shahrida «Arda Xiva» xalqaro turizm markazi ochildi

2025-yil 1-may kuni Xiva shahrida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida «Arda Xiva» xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur majmua qadimiy Xorazmning boy tarixiy merosi va zamonaviy turizm infratuzilmasini mujassam etgan holda, O‘zbekistonning jahon sayyohlik xaritasidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majmua tarkibida 17 ta mehmonxona, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, savdo-ko‘ngilochar obyektlar, hunarmandlar uylari va «Ko‘hna Urganch» muzeyi faoliyat olib boradi. Loyihaning ishga tushishi natijasida 1 mln nafargacha qo‘shimcha sayyoh jalb qilinishi, 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Shuningdek, prezident turizmni Qoraqalpog‘iston bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida «Xorazm – Qoraqalpog‘iston» turizm halqasi loyihasi, «Sahro yulduzi» va «Buyuk allomalar» kabi yirik tashabbuslarni e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Xorazm viloyatidagi infratuzilma va turizm loyihalarni ko‘zdan kechirgan edi.