Xorijdagi o‘zbek restoratorlari qo‘llab-quvvatlanadi

Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi davomida «Arda Xiva» majmuasiga O‘zbekistonning har bir viloyatidan bittadan tajribali restorator olib kelish kerakligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Xivaning Mevaston va Gazchi mahallalarida bir nechta restoranlardan iborat ikki zamonaviy «fud-kort» tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, milliy taomlarni xorijda tanitayotgan o‘zbek restoratorlari qo‘llab-quvvatlanadi. Mutasaddilarga xorijda o‘zbek restoranlari ochilishini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma olish va faoliyatni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.
Viloyatda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga alohida qiziqish bildirmoqda. Shu bois Mevaston mahallasida 6 gektar maydonda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi.
Hunarmandchilikni izchil rivojlantirish maqsadida har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiva shahrida «Arda Xiva» xalqaro turizm markazi ochilgani haqida yozgandi.