
Xitoyning yangi energiya avtomobili (NEV) startaplari 2025-yil aprel oyidagi yetkazib berish natijalarini e’lon qildi. 1-may arafasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Leapmotor yana bir bor yetakchilikni qo‘lga kiritdi va boshqa startaplardan o‘zib ketdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Aprel oyida Leapmotor 41 mingta avtomobil yetkazib berdi. Shu bilan u 40 minglik chegarani bosib o‘tgan yagona NEV startapi bo‘ldi. Yanvardan aprelgacha kompaniya jami 128,5 mingta avtomobilni mijozlarga topshirdi. Leapmotor hozirda oltita modelni ishlab chiqarmoqda: T03, C01, C11, C16, B01 va C10.
Ikkinchi o‘rinda Xpeng joylashdi. Kompaniya aprel oyida 35 mingta avtomobil yetkazib berdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 273% o‘sishni anglatadi. Shu tariqa Xpeng ketma-ket oltinchi oy davomida 30 mingdan ortiq yetkazib berishni amalga oshirdi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida Xpeng 129 mingta avtomobil yetkazib berdi. Kompaniya aprel oyida yangi Xpeng X9 va P7+ Ultra Long Range Max flagship Edition modellari bilan bozorga chiqdi.
Uchinchi o‘rinni Li Auto egalladi: kompaniya 33,9 mingta avtomobil yetkazib berdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 31,6% o‘sishni ko‘rsatadi. Li Auto shu kungacha jami 1,2 mlnta avtomobil yetkazib bergan. E’tiborga molik jihati, kompaniyaning Li L6, L7, L8 va L9 modellari ketma-ket uch chorak davomida Xitoyda yuqori narx segmentidagi (200 ming yuan va undan yuqori) eng ko‘p sotilgan SUVlar bo‘lib qolmoqda.
Xiaomi esa to‘rtinchi o‘rinda bo‘lib, aprel oyida 28 ming avtomobil yetkazib berdi. Bu mart oyidagi 29 ming ko‘rsatkichga yaqin natija bo‘ldi. Kompaniya shu kungacha 97 mingdan ortiq avtomobillar yetkazib berdi. Xiaomi 2025-yilgi yetkazib berish rejasini 300 – 350 ming avtomobilga ko‘tarib qo‘ydi. Kompaniya o‘zining ikkinchi modeli YU7 ni iyun-iyul oylarida taqdim etishini ma’lum qildi. Hozirda Xiaomi SU7 va SU7 Ultra modellarini sotmoqda.
Beshinchi o‘rinda Nio Group 23,9 mingta avtomobil yetkazib berdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 53% o‘sish demakdir. Shu jumladan, 19 mingtasi Nio brendi ostida, 4,4 mingtasi Onvo brendi ostida yetkazildi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida Nio Group jami 65,9 mingta avtomobil yetkazib berdi. 29-aprel kuni guruh o‘zining uchinchi brendi Firefly ostidagi ilk modelni yetkazib berishni boshladi. Bundan tashqari, Onvo brendining Shanxay avtosalonida namoyish etilgan ikkinchi modeli Onvo L90 uchinchi chorakda sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Endi Leapmotor O‘zbekistonda faqat rasmiy distribyutor orqali faoliyat olib borishi haqida xabar bergan edi.