
Google kompaniyasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yangi qidiruv tizimi – AI Mode’ni ommaga taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda The Verge nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, AQShdagi ayrim foydalanuvchilar yaqin kunlarda Google Qidiruvda yangi AI Mode yorlig‘ini ko‘ra boshlaydi.
An’anaviy qidiruv tizimlaridan farqli ravishda AI Mode foydalanuvchining savollariga sun’iy intellekt tomonidan ishlab chiqilgan, aniq va to‘liq javoblar beradi. Bu tizim ilgari Google Labs’da sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, endi kengroq auditoriyaga yetkazilmoqda.
Yangilangan AI Mode foydalanuvchilarga ilgari qilingan izlanishlarga tezda qaytish, mahsulot va xizmatlar haqida vizual ma’lumotlar olish imkonini ham beradi. Unda ish vaqti, narxlar, yetkazib berish kabi real vaqt ma’lumotlari ham ko‘rsatiladi.
Google’ning bu yangi funksiyasi Perplexity va ChatGPT kabi ilg‘or AI-qidiruv tizimlariga munosib raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Yaqin oylar ichida AI Mode butun dunyo foydalanuvchilari uchun ochilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gemini AI Apple Iphone’da paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edik.