Yangiliklar

Maxachqaladagi otishmada uch nafar politsiyachi halok bo‘ldi

Ikki nafar tinch aholi ham jarohatlangan
Maxachqaladagi otishmada uch politsiyachi halok bo‘ldi / Foto: Videodan olindi

2025-yil 5-may kuni Maxachqalada sodir bo‘lgan qurolli hujum natijasida uch nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Bu haqda Dog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, voqea Kerimov va Magomedtagirov ko‘chalari kesishgan joyda yuz bergan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun avtomobilni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq haydovchi ularga qarata o‘t ochgan. Hujumchilar xizmat mashinasida qochib ketgan, shahar hududida «Perexvat» rejimi joriy etildi.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov voqea haqida fikr bildirar ekan, jabrlanganlar borligini tasdiqladi. Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki nafar tinch aholi vakili, jumladan, 17 yoshli qiz jarohat olib, o‘rtacha og‘irlikdagi holatda shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchilarning to‘rt nafari qurollangan bo‘lgan, ulardan ikkitasi voqea joyida o‘ldirilgan. Qolgan ikki nafariga nisbatan qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron janubidagi Shahid-Rajaiy portidagi portlashda 516 kishi jarohat olgani haqida yozgan edik.