Yangiliklar

Endi bank jinoyatlaridan yetgan zarar bankning o‘zi tomonidan qoplanadi

Agar axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmagan bo‘lsagina
Endilikda bank orqali sodir etilgan jinoyatlar zarari ularning o‘zi tomonidan qoplab beriladi / Foto: Dzen

Prezidentning «Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur qarorga binoan, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida vakolatli organ etib belgilandi.

Banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari o‘z faoliyatida mijozlarning manfaatlari va moliyaviy xavfsizligini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida ko‘rishlari lozim.

Endilikda o‘z nomidagi bank kartasi, hisob raqami, SIM kartasi yoki elektron hamyonidan jinoyat sodir etishda foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmagan bank va to‘lov tashkilotlari orqali sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar ularning hisobidan undiriladi.

Shuningdek, jinoyat qonunchiligiga axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar hamda noqonuniy moliyaviy faoliyat uchun belgilangan jazolar kuchaytirilmoqda.

Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish – javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Humo’ning sobiq rahbari TBC raisi maslahatchisi bo‘lgan edi.